Mutaxassis tavsiyasi: Daraxt shoxlarini kesishda nimalarga e’tibor qilish kerak?

Mutaxassis tavsiyasi: Daraxt shoxlarini kesishda nimalarga e’tibor qilish kerak?
O‘zbekistonda mevali daraxtlar uyg‘onmagan davrda butalanadi. Sovuq 10-12°C dan oshganda daraxt shox-shabbalarini kesish to‘xtatiladi. Sovuqqa uncha chidamli bo‘lmagan mevali daraxtlarning tur va navlarini (gilos, o‘rik, shaftoli, olmaning simerenko navi) bahorga yaqin – fevralning ikkinchi yarmi va mart oyida kesilgani ma’qul.

Meva daraxtlarining shox-shabbalari o‘tkir va toza asboblar (qaychi, arracha) bilan kesiladi. Olib tashlanadigan shox va novdalarni chala kesish yaramaydi. Aks holda shu joyda kavak hosil bo‘ladi. Yo‘g‘on shoxni kesayotganda avval uni ostki tomonidan, keyin esa ustki tomonidan arralash kerak. Ana shunda daraxt po‘stlog‘i zararlanmaydi. Kesilgan diametri 3 santimetrdan katta bo‘lgan daraxt shoxlariga bog‘ zamaskasi yoki bo‘yoq surtib qo‘yiladi.

Kesilgan shoxlarning hammasi tomorqa bog‘idan olib chiqiladi. Qora rak kassalligi tushgan bog‘larda kasal daraxtlar kesib bo‘lingach, asbob-anjomlar bir minut davomida 5 foizli formalin eritmasi solib qo‘yish yo‘li bilan dizenfiksiya qilinadi.

Meva daraxtlari yoshi, turi va boshqa xususiyatlari hisobga olingan holda kesiladi. Hosilga kirishning dastlabki davrida: 6 yashardan 15 yashargacha bo‘lgan olma daraxtlarining shox-shabbasi siyraklashtiriladi.

Bunda bir biriga xalaqit beradigan va shox-shabbani soyalaydigan barcha novdalar olib tashlanadi. Novda hosil qilish xususiyati sust bo‘lgan navlarning hamma shoxlaridagi bir yillik novdalarning qisqartirish davom ettiriladi. Kuchli shoxlaydigan navlarning (60 santimetrdan ortiq novdalari) qisqartiriladi. Novdalar normal (40-45 santimetr) o‘sganda qisqartirilmaydi. Biroq, novdalarning o‘sishi 15-20 santimetrdan kamaysa, ularning uzunligi o‘sishini ta’minlash uchun novdalar yana qisqartiriladi. O‘sayotgan yon novdalar egish yoki qisqartirish yo‘li bilan hosil shoxlariga aylantiriladi.

Olma daraxti to‘la hosilga kirgan davrida kesish uning o‘sishi va hosil berishini saqlab qolishga qaratiladi. Bu davrda ularni boshqa bir qator yosh daraxtlarga qaraganda kamroq kesish talab qilinadi. Shox-shabbani qalinlashtiradigan mayda shoxchalar kesiladi. Yangidan hosil bo‘layotgan alohida uzun novdalarni hosil shoxlariga aylantirish uchun qisqartiriladi. Pastdagi shoxlarning baquvvat, undan yuqoridagilarning o‘z tartibi bilan ingichkalashib borishini ta’minlash uchun ba’zan yuqoridagi shoxlar yo‘g‘onlashib ketsa, ularning o‘sishini kamaytirish maqsadida yirik shoxlar kesiladi. Agar hosilning ko‘pligi yoki agrotexnikaning yomonligi tufayli asosiy shoxlarning uchida o‘sish 15-20 santimetrcha kamaysa, o‘sishni kuchaytirish uchun 2-3 yillik shoxlar kesiladi. Ya’ni so‘ngi yillarda o‘sgan zaif qismi olib tashlanadi. Hosilga kirgan daraxtlarning normal o‘sishini ta’minlash maqsadida daraxt shoxlari vaqti-vaqti bilan chikanka qilinadi. Bu davrda yon shoxlarning chetga qarab o‘sishini cheklash maqsadida ular kesib turiladi. Shuningdek, osilib qolgan, yerga tegib turgan kasal, qurigan va singan shoxlar olib tashlanadi.

Asosiy shoxlarning uchida o‘sish ancha susayganda ular yonga qarab yaxshi shoxlashi uchun 5-7 yillik shoxlarigacha qisqartiriladi.

Kalta shoxcha va hosil shoxchalarining holati hisobga olingan holda uchdan bir qismiga yoki qoq yarmiga qisqartiriladi. Asosiy shoxlarni almashtirish yoki shoxchalariga aylantirish maqsadida novdalarga shakl beriladi, ortiqcha novdalar kesib tashlanadi. Daraxt atrofidagi novdalar esa vaqtincha qoldiriladi. Hosil mo‘l bo‘lgan yillarda kesish yo‘li bilan ilgari hosil bo‘lgan gul kurtaklarini kamaytirish maqsadga muvofiq. Aksincha, kelasi yili mo‘l hosil yetishtirish uchun kuzda ko‘proq kesish yoki bahorgi shoxlarni siyraklashtirish yo‘li bilan gulkurtaklarini sonini kamaytirish kerak.

Nok daraxti ham olmaga o‘xshab kesiladi. Nokni kesishda novdalarning o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olinadi. Kam shoxlaydigan ammo kuchli o‘sgan novdalari va asosiy shoxlarida juda ko‘p halqali shoxchalari bo‘lgan navlarning novdalari ularning uzunligiga qarab teng yarmiga yoki uchdan bir qismga qisqartiriladi. Kuchli shoxlaydigan, chiviq novdalarda hosil tugadigan yoki hosil tugmaydigan navlarning asosan shox-shabbasi siyraklashtiriladi. Agar hosilning ko‘pligi yoki boshqa bir sababga ko‘ra o‘sishi keskin sekinlashsa, o‘tgan yillarda kuchli o‘sgan shoxlar qisqartiriladi.

Behi daraxtiga ham olma singari siyraklashtirilgan shakl beriladi. Asosiy shoxlarga shakl berishda ularning o‘zaro bog‘liqligiga qat’iy amal qilib, asosiy shoxlarni o‘tkir burchak bo‘yicha kesishga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Bunda raqobatdagi asosiy shoxlar, ichiga qarab o‘tkir burchak hosil qilib o‘suvchi novdalar olib tashlanadi. Asosiy shoxlardagi qolgan novdalar olib tashlanmasdan mayda hosil shoxchalariga aylantiriladi. Buning uchun dastlabki 3 yilning o‘zidayoq qisqartiriladi, ya’ni daraxtlar hosilga kirishga tayyorlanadi. Ammo to‘rtinchi yildan boshlab, ya’ni daraxtlar hosilga kirganda, o‘sayotgan shoxlardagi novdalar biologik xususiyatlarini hisobga olgan holda turli darajada kesiladi. Behining hamma navlari barg qo‘ltiqlarida hosil tugadi. Kuchli o‘sgan novdalaridagi ba’zi barg qo‘ltiqlaridagi kurtaklar hosil kurtaklariga aylanadi. Barg kurtaklaridagi hosil kurtaklari faqat kuchli o‘sgan novdalarning yuqori qismida bo‘ladi. Shu munosabat bilan o‘sayotgan shoxlardagi novdalar kalta qilib kesilsa, novda meva kurtaklarini mavjud qismi olib tashlanadi.

O‘sish sekinlashganda behi daraxtini yoshartirish uchun har 3-4 yilda 2-3 yillik, keyinchalik esa 5-6 yillik shoxlari kesiladi.

O‘rik daraxti yosh paytida kuchli o‘sishi bilan ajralib turadi. Daraxtlar 6-7 yoshga kirguncha baquvvat novdalar hosil qiladi, chunki ular bu davrda juda kam shoxlaydi. Yosh novdalar yaxshi hosil berishi uchun baquvvat novdalar uchdan bir qismiga yoki teng yarmiga qisqartiriladi. Shu maqsadda bu yoshda novdalarni yozda (may-iyun oyida) chilpigan ma’qul. Keyinchallik daraxtni kesish ortiqcha navbatdagi tartib shoxlarini olib tashlash va novdalarini me’yorida qisqartirishdan iborat bo‘ladi.

Daraxtlar 20-25 yoshga kirganda ularning o‘sishi shunchalik sekilashadiki, bu hol hosilga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu davrda daraxt yonidan shoxlash uchun 2-4 yillik shoxlari kesiladi. Daraxt bundan ham qari bo‘lganda yoki sust o‘sganda 5-7 yillik shoxlari kesib yashartiriladi.


Oybek Sulaymonov
Samarqand davlat universiteti
Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti o’qituvchisi.

Ўхшаш янгиликлар

Янгиликка фикр ёзиш чоп этилган кундан 30 кун ичида мумкин.

Сўнгги янгиликлар

Ўзбекистон ва Тожикистон: Ўзаро ишонч, абадий дўстлик, иқтисодий ҳамкор мамлакатлар...

Ҳудуди 143 минг 100 квадрат километрга чўзилган, салкам 10 миллион аҳоли истиқомат қиладиган Тожикистон Ўзбекистоннинг стратегик шериги ва...
18-04-2024, 15:20

Самарқанд давлат университети тожикистонлик меҳмонларда катта таассурот қолдирди…

Тошкентда бўлиб ўтган Ўзбекистон-Тожикистон ректорлари форуми иштирокчилари Самарқандга ташриф буюрди. Тожикистон Республикаси Таълим ва...
18-04-2024, 09:41

“Болаларимиз яхши яшаши учун ҳам бугун биз уларни ўқитишимиз даркор”…

Самарқанд давлат университети филология, тарих, математика, география ва экология, интеллектуал тизимлар ва компьютер технологиялари...
8-04-2024, 09:46

“Жамиятга билимли болаларни берган ота-она шарафли инсонга айланади”…

Самарқанд давлат университетида Муҳандислик физикаси институти, филология, тарих, математика, география ва экология, интеллектуал тизимлар...
4-04-2024, 09:50

Табрик!

Ўзбекистон Республикаси Президенти ҳузуридаги Давлат бошқаруви академияси ректори A.Ш. Бекмуродовга! Ҳурматли Адҳам Шарипович! Сизни...
31-03-2024, 23:41
Ўзбекистон янгиликлари » Жамият » Mutaxassis tavsiyasi: Daraxt shoxlarini kesishda nimalarga e’tibor qilish kerak?